Телефонлар:
(0372) 222-40-00
(0372) 222-40-10
» » “Odam savdosi, shuningdek chaqaloqlar va bolalarning savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning salbiy oqibatlari va jazo choralari hamda oldini olish choralari haqida”

“Odam savdosi, shuningdek chaqaloqlar va bolalarning savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning salbiy oqibatlari va jazo choralari hamda oldini olish choralari haqida”

01 май 2023 йил
123
0

XX asr oxirlariga kelib odam savdosi butun insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qoldi. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar oshib borishi tendensiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik negizlariga tajovuz qilishi bilan milliy xavfsizlikka ham tahdid soladi.

O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini to‘ldiruvchi «Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida»gi Protokolni ratifikatsiya qildi, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli o‘zgartirishlar kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari bo‘lib, ularni ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.

Qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga ko‘ra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi.

Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi to‘g‘risida yozma yoki og‘zaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday ko‘rinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.

Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan so‘ng topshirish sharti bilan sotishga va’da berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati bo‘lmagan hollarda uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi.

Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar bo‘yicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud bo‘lmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bog‘liq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.

Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyani, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlar, erksizlik holati yoki odam a’zolari yoki to‘qimalari olinishini anglatadi.

Fohishabozlikda foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi.

Majburiy mehnat biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

Qullik — o‘ziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.

Erksizlik holati — shaxsning muayyan omillar majmui ta’siri ostida o‘z erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur bo‘lganligini anglatadi.

 

 

G‘iyosiddin Yalgashev

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Jizzax shahar sudining raisi

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар