“Yangi O‘zbekiston-huquqiy demokratik davlat: inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy asoslari, qonunchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari”
“Yangi O‘zbekiston-huquqiy demokratik davlat: inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy asoslari, qonunchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari”
Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlardan katta o‘zgarishlar kutmoqda. Loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi jarayonida aholidan
220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi ham fuqarolarimiz ushbu masalaga juda katta qiziqish va e'tibor bilan yondashganligidan yaqqol dalolat beradi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida ishlashda senatorlarimiz ham faol ishtirok etdilar. Xususan, 19 nafar senatorimiz Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustidagi ishlarda bevosita qatnashdilar.
Xabaringiz bor, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasida, yetuk olimlar, jamoatchilik, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda har tomonlama tahlil qilindi va maromiga yetkazildi.
Xususan, loyihani tayyorlashda va takomillashtirishda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta o'rganildi, xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, shuningdek, respublikaning turli hududlarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jami 20 mingga yaqin muhokamalar tashkil etildi.
Loyiha 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizalardan, shu jumladan, lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korruptsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizalardan o‘tkazildi. Xalqaro ekspertlar ham loyiha xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etganligini e'tirof etdilar.
Joriy yil 10-martida Qonunchilik palatasi majlisi o‘tkazilib, unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni tayinlash va uni o'tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qarorda uning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun uni Konstitutsiyaviy sudiga yuborish ham belgilangan edi.
Shunga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud joriy yil 13-mart kuni o‘z majlisini o‘tkazib, yuqoridagi qarorni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 13 va 14-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2023 yil 14 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi qaroriga ko‘ra joriy yilning 30-aprel kuni referendum o‘tkazish belgilandi.
Shu o‘rinda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va eng asosiy, muhim jihatlariga qisqacha to‘xtalib o'tsam.
Loyihada mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanmoqda.
Bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini ta'minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya'ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.
Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda va shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari jiddiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Loyihaga asosan insonning sha'ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta'sir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo‘llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo‘lishini amalda ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga egaligi, qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi, O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Jinoyat protsessida inson huquqlari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”) belgilanmoqda.
Ushbu huquqiy kafolatlar inson huquqlarini muhofazasini kuchaytirish sohasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi hamda ularni davlat organlarining suiste'molliklaridan ishonchli himoya qiladi, shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Shu bilan birga, Konstitutsiya loyihasida har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi belgilab berilmoqda.
Mazkur Konstitutsiya haqiqatdan ham Xalq Konstitutsiyasi bo‘layapti. Unda aholining barcha qatlamlari, shu jumladan ayollar, nuroniylar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, xorijdagi vatandoshlarimiz, hattoki mahkumlar– barcha barchasini huquq va manfaatlari hisobga olinmoqda.
Ta'lim-tarbiya tizimi va imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda ilk marotaba ta'lim tashkilotlarida inklyuziv ta'lim va tarbiya tashkil etilishi, oliy ta'lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma'lumot olish imkoniyati berilishi, nodavlat ta'lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi hamda, eng muhimi, aziz o‘qituvchilarimiz sha'ni va qadr-qimmati himoya qilinishi belgilanmoqda. Ushbu normalar taraqqiyotimiz uchun muhim omil bo‘lgan ilm-fan va ta'limni rivojlantirish, yoshlarimizning bilim olishlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishda jiddiy turtki bo‘ladi.
Eng muhimi, ushbu barcha masalalar referendumga, ya'ni xalqimiz muhokamasiga, hukmiga chiqarilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritiladigan birinchi hujjat bo‘ladi. Buning eng ahamiyatli tomoni, barchaning ovozi bir xil maqomga va kuchga ega ekanligida. Ya'ni yoshu-qarining tanlovi va fikri ahamiyatli va hal qiluvchi bo‘ladi.
Boliev Sharofiddin
Jizzax viloyat ma'muriy sudining raisi v.b.