Телефонлар:
(0372) 222-40-00
(0372) 222-40-10
» » “Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish jinoyatlari va jazo choralari”

“Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish jinoyatlari va jazo choralari”

25 апрель 2023 йил
125
0

 

Valyuta qimmatliklari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi sakkizinchi bo‘limida belgilangan bo‘lib, uni kengaytirilgan holda talqin etish mumkin emas. Bunday qimmatliklarga quyidagilar kiradi:

chet el valyutasi;

chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar — fond boyliklari (aksiya, obligatsiya va boshqalar);

chet el valyutasi bilan to‘lanadigan to‘lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditiv va boshqalar);

har qanday ko‘rinish va holatdagi qimmatbaho metallar — oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, radiy, ruteniy va osmiy), shunday metallardan yasalgan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari hamda ularning rezgilari bundan mustasno;

xom ashyo yoki ishlov berilgan holatdagi tabiiy qimmatbaho toshlar — olmos, yoqut, zumrad, sapfir, aleksandritlar, shuningdek marvaridlar, shunday toshlar hamda ularning rezgilaridan yasalgan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasining «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonuni 4-moddasiga ko‘ra, chet el valyutasi jumlasiga quyidagilar kiradi:

muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhi) hududida naqd to‘lovning qonuniy vositasi bo‘lgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim bo‘lgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklari;

hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablag‘lar.

Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish deb, O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu harakatlar sodir etilgan vaqtda valyuta qimmatliklarini o‘rnatilgan tartiblarni buzgan holda sotib olish, sotish yoki almashtirish tushuniladi.

Valyuta qimmatliklarini saqlash va tashish holatlari o‘zicha valyuta qimmatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazishni tashkil etmaydi. Valyuta qimmatliklariga nisbatan bo‘lgan egalik huquqi boshqa shaxsga qonunga xilof ravishda o‘tgan vaqtdan boshlab jinoyat tamom bo‘lgan deb hisoblanadi.

Chet el valyutasining ancha, ko‘p va juda ko‘p miqdorda ekanligini belgilash masalasini hal etish tergov va sud organlari vakolatiga kiradi. Ular bu masalani hal etishda bitimlar amalga oshirilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasining pul birligiga nisbatan kursidan kelib chiqishlari lozim.

Fuqarolar tomonidan birinchi marotaba sodir etilgan valyuta qimmatliklarini ancha miqdordan kam miqdorda qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 170-moddasida bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda ancha miqdordan kam miqdorda olish yoki o‘tkazish, basharti qilmish shunday harakatlarni sodir etganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jazoni ijro etish tugagandan keyin bir yil davomida sodir etilsa, JK 177-moddasi birinchi qismi bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi. Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda ancha miqdorda olish yoki o‘tkazish JK 177-moddasi ikkinchi qismi bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Agar shaxsda ancha miqdor yoki undan ortiq valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish maqsadi bo‘lib, bu maqsadni qismlarga bo‘lib amalga oshirsa, uning harakatlari valyuta qimmatliklari umumiy summasidan kelib chiqib, JK 177-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Qilmishni JK 177-moddasi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilishda jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qarorda, ayblov dalolatnomasi (ayblov xulosasi) va hukmda aybdorning qilmishi aynan qanday belgiga ko‘ra javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatda sodir etilgan deb topilganligi aks ettirilishi shart. Bunda shuni inobatga olish lozimki, qilmishni JK 177-moddasi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilish uchun shaxs muqaddam valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi talab etilmaydi.

 

 

Ulug‘bek Xidirboev

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Jizzax shahar sudining sudyasi     

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар