Телефонлар:
(0372) 222-40-00
(0372) 222-40-10
» » “Bezorilik jinoyati tushunchasi, uning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar, oldini olish choralari”

“Bezorilik jinoyati tushunchasi, uning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar, oldini olish choralari”

12 апрель 2023 йил
172
0

Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, an’analar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qo‘pol tarzda buzish tushuniladi. Jamoat tartibi qo‘pol tarzda buzilishi shaxs tomonidan JKning 277-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan harakatlardan birortasi sodir etilishida ifodalanadi.

Qonun mazmuniga ko‘ra aybdor o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lishi shart. Sababiy bog‘lanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb baholanishi lozim.

Bezorilik jinoyati bilan ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari zarur.

Mayda bezorilik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so‘zlar aytish, behayo qiliqlar ko‘rsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi. Bunda Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud bo‘lmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, huquqbuzarlarning harakatida Jinoyat kodeksi
277-moddasining 1-qismi alomatlari bo‘lmasa, Jinoyat kodeksi 277-moddasi
2-qismining «b» bandi bilan kvalifikatsiya qilish mumkin emas.

Shuningdek, xavfli residivist tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.

Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik zamirida shaxsning badaniga yengil darajada shikast yetkazilganligi kifoya. Bunda shaxsning badaniga yetkazilgan tan jarohati uning sog‘lig‘ini buzilishiga olib kelgan-kelmaganligining ahamiyati yo‘q.

Urish-do‘pposlash deganda, aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.

Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining «v» bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik zamirida sovuq qurol yoki shaxsning sog‘lig‘iga amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni namoyish qilish (ko‘rsatish)ning o‘zi yetarlidir. Bunda ularni qo‘llashga nisbatan tahdid bo‘lgan-bo‘lmaganligining ahamiyati yo‘q, biroq bu holat sud tomonidan jazo tayinlash paytida hisobga olinishi kerak.

Sovuq qurol yoki shaxsning sog‘lig‘iga amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni qo‘llash deganda, aybdorning ular vositasida bezorilik harakatlari davomida jabrlanuvchiga nisbatan tan jarohati yetkazgan yoki yetkazishga harakat qilgan hollar tushunilishi lozim.

Sudlar jinoyat qurolini sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyo deb topishda O‘zbekiston Respublikasining «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunida bayon etilgan tushunchalarga amal qilishlari lozim. Zarur hollarda ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilish uchun sud-kriminalistik ekspertizasi tayinlanishi mumkin.

Shaxsning sog‘lig‘iga amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalar turkumiga aybdor tomonidan o‘sha maqsadlarda foydalanilgan har qanday narsalar kiradi.

Bezorilik harakatlarini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining «g» bandi bilan kvalifikatsiya qilishda sud aybdorning aynan qaysi harakatlari o‘taketgan behayolik deb baholanayotganligini hukmda ko‘rsatishi shart. Bezorilik harakatlari o‘taketgan behayolik bilan sodir etilgan deb topish masalasini hal etish chog‘ida sud ishning muayyan holatlari majmuidan kelib chiqishi hamda sodir etilgan jinoyatning xususiyati, vaqti, joyi va shart-sharoitlarini inobatga olishi lozim.

Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2- qismining «d» bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik harakatlari yosh bolani, qariyani, nogiron yoki ojiz ahvoldagi boshqa shaxslarni xo‘rlash shaklida sodir etilgan bo‘lishi kerak. Xo‘rlash deganda, shaxsga jismoniy jihatdan azob berish yoki uni qiynash tushuniladi. Qonun mazmuniga ko‘ra, yosh bola deganda 14 yoshga to‘lmagan shaxs, qariya deganda 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak, nogiron deganda esa, belgilangan tartibda I, II, III guruh nogironi yoki bolalikdan nogiron sifatida tan olingan shaxs tushuniladi.

Ojiz ahvol deganda, jabrlanuvchining shunday ahvoli tushunilishi kerakki, bunday paytda u o‘zining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy holati (jismoniy nuqsoni, ruhiyati buzilganligi, qattiq og‘riq yoki behushlik holati, alkogol, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalar ta’sirida o‘ta mastlik holati)ga ko‘ra o‘zini o‘zi himoya qilish, aybdorga faol qarshilik ko‘rsatish yoki o‘ziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlar xususiyati va mohiyatini tushunish yoki o‘z harakatlarini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Ojizlik, jabrlanuvchining jismoniy yoki ruhiy nosog‘lomligi tufayli jinoyatchiga qarshilik ko‘rsata olmasligida, o‘z huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya eta olmasligida, shuningdek kutilayotgan xavfdan saqlana olmasligida namoyon bo‘ladi. Jinoiy harakatni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor shaxs jabrlanuvchining yosh bolaligi, qariyaligi, nogironligi yoki ojiz ahvolda ekanligini anglab yetgan bo‘lishi talab etiladi.


G‘iyosiddin Yalgashev 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Jizzax shahar sudining raisi

 

Ergash Qarshiev

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Jizzax shahar sudining sudyasi

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар