Jizzax shahridagi kanalizatsiya tarmoqlarining eskirgani yuzasidan RASMIY MUNOSABAT
Yaqindagina ijtimoiy tarmoqlar orqali Jizzax shahridagi kanalizatsiya tarmoqlarining eskirgani, ayrim ko‘chalarda yillar davomida ishlamaydigan yoki markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagan quvurlar qudug‘idan axlat tepaga oqib chiqayotgani, qo‘lansa hid va antisanitariya holatlaridan aholi aziyat chekayotgani tanqid qilingan murojaat e’lon qilingan edi.
Holat yuzasidan shahar hokimligi qurilish bo‘limi tomonidan ma’lum qilinishicha, Jizzax shahrining kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish va takomillashtirish yo‘li bilan shahardagi sanitariya-epidemiologik va ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.07.2018-yildagi PQ-3885-son Qarori qabul qilingan bo‘lib, qarorga ko‘ra “O‘zbekistonda shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirish uchun OTB bilan 59 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz bitimini imzolash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan.
Loyiha doirasida Jizzax shahrida “Jizzax shahridagi mahallalarni obodonlashtirish», “Jizzax shahrida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish”, “Jizzax shahrida suv taʼminoti tizimini boshqarish samaradorligini qo‘llab-quvvatlash”, “Chiqindilarni minimallashtirish va qayta ishlash bo‘yicha sinov dasturi”, “Chiqindilarni yig‘ish va tashishni modernizatsiya qilish”, “Institutsional salohiyatni oshirish va rivojlantirish” loyihalari amalga oshiriladi.