RASMIY MUNOSABAT
Yaqindagina ijtimoiy tarmoqlar orqali Jizzax shahri Ulug‘bek mahallasi Shirin ko‘chasida 1-uyda istiqomat qiluvchi Hayitboyeva Shahodat uy olishda yordam so‘rab qilgan murojaat tarqaldi.
Holat yuzasidan shahar hokimligi mutasaddilari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, fuqaro Sh.Hayitboyeva Jizzax shahar Ulug‘bek mahallasi Shirin ko‘chasi 1 uyda yashashi, 1 nafar farzandi borligi boquvchisi yo‘qligi aniqlandi.
Fuqaro Xayitboyeva Shaxodat Shavkatovnaning oilasini ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2022- 2023-yillar "Ayollar daftari" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijara puli to‘lab kelingan.
2024 yil ham mahallada shakllantirilgan "Ayollar daftari" ning 5-bosqichi uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar toifasiga kiritilib, unga yashab kelayotgan xonadoni uchun har oy 500 000 (besh yuz ming) so‘mdan ijara kompensatsiyasi to‘lab beriladi.
Shuningdek, fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.04.2023 yildagi “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-51-sonli Farmon tartib qoidalariga asosan, banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa xarajatlarni inobatga oluvchi skoring tizimini joriy etilganligi hamda ushbu uy-joylarni subsidiya asosida sotib olish uchun Davlat xizmatlari markazi orqali ariza bilan murojaat qilish tushuntirildi.
Jizzax shahar hokimligi xotin-qizlar boʻlimi