Jizzaxda FLTAL-2023 xalqaro onlayn-anjumani o‘tkazildi
O‘zbekistonda til o‘rganishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan konferensiyada AQSH, Buyuk Britaniya singari 20 ta davlatdan 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
29-30-noyabr kunlari Jizzax davlat pedagogika universitetida FLTAL-2023 13-xalqaro onlayn-anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 20 ta davlatdan 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Xalqaro anjuman Silk Road Research Academy, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Buxoro davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Urganch davlat universiteti, Qatar universiteti, Taraz innovatsion gumanitar universiteti (Qozog‘iston), Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Nazarbayev universiteti (Qozog‘iston), Lids universiteti (Angliya), York universiteti (Angliya), Lyuksemburg universiteti (Lyuksemburg), Xalqaro oliy treyning universiteti (AQSH), London Kingz Kolledj (Angliya), Oklend universiteti (Yangi Zelandiya), Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti (Xitoy), va «1 Decembrie 1918» Alba Iuliya universiteti (Ruminiya) bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.
«Xorijiy tillarni o‘qitish va amaliy tilshunoslik» – FLTAL (Foreign Language Teaching and Applied Linguistics) anjumani butun dunyodagi barcha darajalarda til va tilshunoslikni o‘qitishga qiziqqan tadqiqotchilar, amaliyotchilar va o‘qituvchilarni birlashtirishga mo‘ljallangandir.
FLTAL-2023 konferensiyasi mavzusi «21-asr amaliyotida ESL/EFLni rag‘batlantirish va murabbiylik qilish» nazariy va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va tadqiqot natijalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha turli nuqtai nazarlarni o‘rganish uchun tadqiqot jamoalarini jalb qilish uchun mo‘ljallangandi.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkinki, FLTAL uyushmasi O‘zbekistonda chet tillar o‘qitish sohasida jahon pedagogik innovatsiyalari va eng so‘nggi ilmiy-metodik tadqiqotlarni taqdim etib kelmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Livan, AQSH, Yangi Zelandiya, Eron, Ruminiya, Italiya, Kanada, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya, Sloveniya kabi mamlakat vakillari ishtirok etishdi.
Tilshunoslik professori Azamat Akbarov tashabbusi bilan 2011 yili asos solingan FLTAL uzoq yillar davomida haqiqiy brendga aylandi, ilmiy doiralarda keng tanildi. Chunki u oz emas, ko‘p emas, filolog olimlar, tilshunoslar, til o‘qituvchilarining o‘ziga xos olimpiya o‘yinlari kabi o‘tadi.
2011-2016-yillardagi FLTAL Yevropada, 2017 yildagi anjuman Nazarbayev Universiteti (Qozog‘iston), 2018 yil KIMEP Universiteti (Qozog‘iston), 2019-yili M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida, 2020-yili yubiley 10-FLTAL Samarqandda «Ipak Yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetida, 2021-yili Buxoro davlat universitetida, 2022-yili Urganch davlat universitetida bo‘lib o‘tgandi. Ushbu loyihaga Professor Azamat Akbarov asos solgan bo‘lib, barcha 13 ta FLTAL anjumaniga raislik qilib kelgan. Ushbu yillar davomida konferensiyaning asosiy spikerlari sifatida jahonning eng mashhur tilshunoslari qatnashishgan. Jumladan, 2013-yili dunyoga mashhur tilshunos Noam Chomskiy ishtirok etgan.