Телефонлар:
(0372) 222-40-00
(0372) 222-40-10

ODAM SAVDOSI-GLOBAL MUAMMO

22 май 2023 йил
207
0

Odam savdosi-global muammo, bu-qullikning zamonaviy usuli, qul savdosining yangi turidir.

Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar birinchi navbatda, ayollar va bolalarni majburiy mehnat va jinsiy qullik qopqoniga aldab tushiradi, kuch, firibgarlik, majburlash va boshqa jinoiy vositalardan foydalangan holda, himoyaga muhtoj, zaif va tushkunlikka tushgan insonlarni dunyoning boshqa davlatlariga olib ketadilar.

Ma’lumki, odam savdosi yer yuzi bo‘ylab ko‘plab davlatlarda amalga oshiriladi. Odam savdosi jinoyati transmilliy xarakterga ega ekani bois, uning oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va aybdorlarni jazolash uchun barcha davlatlarning o‘zaro hamkorligiga ehtiyoj seziladi.

Odam savdosi insonlarni huquq va erkinliklardan mahrum qiladi, butun dunyoda uyushgan jinoyatchilikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu jumladan, bu jinoyat shaxslarga xavf tug‘dirish yo‘li bilan qo‘rqitish, jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazish, nomusga tegish, hujjatlarni o‘g‘irlash orqali amalga oshiriladi. Jabrlanuvchilar mehnat ekspluatatsiyasi va jinsiy ekspluatatsiyaga majbur qilinadi. Ma’lumki, mehnat ekspluatatsiyasi qullik, majburiy mehnat va qarz tobeligini, jinsiy ekspluatatsiya esa jinsiy tijorat sanoati tuzog‘iga tushgan insonlarga nisbatan shafqatsiz muomalani aks ettiradi.

O‘zbekiston Respublikasida odam savdosining oldini olish, unga chek qo‘yish borasida turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaning 26-moddasiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash va odam savdosi jinoyatlarining oldini olishga qaratilgan.

Shuningdek, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1950 yilda qabul qilingan "Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyasiga qo‘shilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000 yil
15 noyabrdagi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilingan.

Shu bilan birga, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilikning(shu jumladan odam savdosi) xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida 29ta shartnoma va kelishuvlar imzolangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingan.

Shu kunga qadar, odam savdosi jinoyatlariga barham berishning normativ-huquqiy bazasi shakllantirildi. Davlatimiz odamlarning yashirin trafikiga qarshi kurashish va uning qurbonlarini himoya qilishga qaratilgan asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi.

Odam savdosiga qarshi kurashish, bunday jinoyat qurbonlarini ijtimoiy himoyalash tadbirlari kompleks xarakterga ega ekanligi inobatga olinib, davlat organlari, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi.

Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, har bir tashkilot va muassasalar ish faoliyatida targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xulosa qilib aytganda, odam savdosiga qarshi kurashish har birimizning asosiy maqsadimiz bo‘lmog‘i lozim.

Zero, mamlakatimizda hech kim odam savdosi qurboniga aylanmasligi darkor.

 

 

G‘iyosiddin Yalgashev

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар