Jizzax shahrida qaror mazmun-mohiyati yuzasidan seminar tashkil etildi
Joriy yilning 12-dekabr kuni shahar hokimligi majlislar zalida viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari A.Mustanov, shahar hokimi birinchi o‘rinbosari A.Ergashev, Agrobank ATB boshqaruvi hududlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh menejeri Z.Irgashev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman Jizzax viloyati boshlig‘i S.Usmanov ishtirokida “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 366-sonli qarori mazmun-mohiyati yuzasidan seminar tashkil etildi.
Aytib o‘tish joizki, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning biznes tashabbuslarini moliyalashtirish va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yaxlit tizim joriy etilmoqda.
Bu bo‘yicha joriy yilning 15-noyabrida Prezidentning “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 366-sonli qarori qabul qilingan.
Qaror asosida aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish maqsadida quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan:
-aholi va tadbirkorlik subyektlarini o‘qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish va «oilaviy tadbirkor — mikrobiznes — kichik biznes — o‘rta biznes» zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
-davlat dasturlari doirasida kichik va o‘rta biznes loyihalarini «Biznesni rivojlantirish banki» ATB, «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida qo‘llab-quvvatlash;
-tadbirkorlikka o‘qitish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish hamda biznes jarayonlarining barcha bosqichlarida doimiy hamrohlik qilishni «Kichik biznesga ko‘maklashish markazi» MCHJlar va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJda, shuningdek, vakolatli organlar va tijorat banklarining tadbirkorlik yo‘nalishidagi elektron platformalarida amalga oshirish.
Bugun shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan o‘quv seminari so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati