Jizzax shahar hokimligining navbatdagi press-turi suzish havzasiga bo‘ldi
Jizzax shahar hokimligi tomonidan shaharda yaqindagina foydalanishga topshirilgan yopiq suzish havzasiga press-tur tashkil etildi.
Tashkil etilgan press-tur davomida jurnalist va blogerlar suzish havzasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi
Viloyatimizda, xususan shahrimizda olimpiya sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida sportsevar yoshlar uchun zamonaviy obyektlar qurib berilmoqda. Bu o‘z navbatida musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar salmog‘ini oshiryapti. Jizzaxda suv sport turlari yoshlar o‘rtasida yana-da ommalashib bormoqda. Hozirgi kunda Zomin, Paxtakor, Zarbdor, Do‘stlik tumanlaridagi sport maktablari va Jizzax shahri “So‘g‘diyona” sport majmuasida jami 5 ta yopiq va Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazida 1 ta ochiq suv havzasi faoliyat yuritmoqda. Ularda suzish bo‘yicha 316 nafar, suvga sakrash yo‘nalishida 22 nafar, suv polisi yo‘nalishida 35 nafar, sinxron suzish yo‘nalishida 38 nafar va parasuzish yo‘nalishida 16 nafar o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda.
Quvonarlisi, Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazida yana 1 ta zamonaviy yopiq suv havzasi bunyod etildi. Uzunligi 25 metr bo‘lgan mazkur obyekt “Navoiy kon-metallurgiya” AJ tomonidan 8 milliard so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan barpo etildi. Havzada bir vaqtning o‘zida 80 nafar yoshlar suv sporti bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Shuningdek, kiyinish va yuvinish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Yangi va zamonaviy suzish havzasi hududda olimpiya va paralimpiya suv sporti bo‘yicha kuchli atletlarni yetishtirishga xizmat qiladi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati