Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan seminar tashkil etildi
Murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal qilishda O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etish, sohaga oid Farmon hamda Qarorlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax shahar Xalq qabulxonasi, Jizzax shahar hokimligi, shahar Adliya bo‘limi hamkorlikda shahar hokimligi, korxona, tashkilot va muassasalar masʼul xodimlari ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov seminar ishtirokchilariga murojaatlarni ko‘rib chiqishda ijobiy qanoatlantirish va takroriy murojaatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari yuzasidan masʼullarga tushuntirish berib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi yuzasidan joriy yil boshidan Jizzax shahar hokimligiga jami 3 681 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 2 114 tasi yoki 57 foizi ijobiy hal etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foiz kam ekanligi tanqid qilindi va bu o‘rtacha har 1 000 kishiga 19 tadan murojaat kelib tushganligi bildirildi.
Mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqishda ijobiy qanoatlantirish va huquqiy tushuntirish berish bo‘yicha seminar ishtirokchilari bilan savol-javoblar qilinib, masʼul xodimlarga O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etish, sohaga oid Farmon hamda Qarorlari ijrosiga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati