G‘OLIBLAR TAQDIRLANDI
Joriy yil 23-may kuni “Jizzax ovozi” gazetasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi, shoirlar, ijodkorlar, umumta’lim maktablarining Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, “Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Said Donishev tanlovning maqsadi, ishtirokchilarning ijod namunalari va kelgusida mazkur tanlovning yanada keng quloch yoyishi Jizzax adabiy muhitiga ijobiy hissa bo‘lib qo‘shilishiga alohida to‘xtalishdi.
Jonajon yurtimizning go‘zalligini, bunyodkor va mehnatsevar xalqimizning fidokorona sa’y-harakatlarini madh etish, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini, ko‘ngil kechinmalarini she’riy satrlarda ifoda etilganligiga ko‘ra baholangan ijodiy ishlar sarhisobiga ko‘ra, 12-17 yosh toifasida g‘allaorollik Mashhura Usmonova, shahardagi 19-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Parizoda Ahmadjonova hamda Jizzax shahar 6-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulsanam Bosimova g‘olib bo‘lishdi.
Baxmallik Komil Majid, Forish tumani vakilasi Savriya Tohirova, g‘allaorollik Asror Mo‘min 18 yoshdan yuqori toifadagi ishtirokchilar orasidan kuchli uchlik sifatida saralab olindi. Shuningdek, g‘oliblar va ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari, rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlanishdi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati