Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolar huquqlari erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqliq va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fukarolik jamiyatiing hamkorligi koorupsiyaning oldini olishga doir chora tadbirlar ustuvorligi va javobgarligining muqarraligidir. Hozirgi kunda korrupsiyaga qarshi kurash muammosi o‘ta dolzarbdir. Bu bir necha omillar bilan belgilanadi.
Birinchidan, davlatning mansabdor shaxslari tomonidan o‘z mavqeini suiste‘mol qilish hollari hokimiyat obro‘siga jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlariga putur yetkazadi.
Ikkinchidan, iqtisodiy mazmuni resurslarini taqsimlash jarayonini deformatsiyalashishidan iborat bo‘lgan korrupsiya iqtisodiyot rivojiga jiddiy salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish murakkab jarayon, chunki u nafaqat yashirin tarzda balki jinoiy til biriktirib sodir etiladi. Korrupsiya odatda shikoyat berilishiga sabab bo‘lmaydi chunki aybdor taraflar qonunga xilof bitimdan naf ko‘radilar. Hatto tovlamachilik yo‘li bilan haq berishni talab qilish ustidan ham shikoyat kamdan kam hollarda beriladi.
Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma‘muriy munosabatlari ma‘no mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Zotan korrupsiya davlat organlari xodimlarning moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy xodisa hisoblanadi.
Davlat xizmatchilari korrupsiya faoliyatining sub‘ektlari hisoblanadi chunki korrupsiya munosabatlari yuzaga kelishiga sabab bo‘ldigan qarorlar qabul qilish yoki harakatlar sodir etish uchun hokimiyat vakolatiga faqat ular ega bo‘ladi.
Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a‘zolari, ta‘bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, deb ta‘kidladi.
Bu Vatanimiz taraqqiyotini jadallik bilan olg‘a surish uchun korrupsiya ildizlariga bolta urish, har bir odam o‘z oldiga halollikni bosh vazifa qilib qo‘yishi lozimligini, halol bo‘lmagan odamlarni majoziy ma‘noda, “halollik vaksinasi” bilan emlash zarurligini anglatadi.
Xo‘sh, “halollik vaksinasi” nima va u qanday emlanadi?
Nazarimizda, “halollik vaksinasi” inson qalbiga igna bilan emas, iymon nuri orqali o‘tib, uning vijdonini poklaydi. Har qanday insonga qondan va ona suti orqali “halollik vaksinasi” singib boradi. Demak, inson halol bo‘lishi uchun uning iymoni butun bo‘lishi lozim. Har bir odam o‘z ishini halol bajarsa, u “hallollik vaksinasi” bilan emlangan bo‘ladi. Ana shunday immunitetni shakllantirish vazifasi avvalo ota-onalar, maktabgacha va umumiy o‘rta ta‘lim muassasalari xodimlari, shuningdek, xalqimizning ziyoli, ma‘naviyatli qismi zimmasiga yuklanadi.
Iymonli odam harom luqma, birovning haqini yeyishdan, harom ishlar qilishdan tiyi¬ladi, chunki uning vijdoni pokligi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Va albatta, u ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, xalqi va Vatani uchun fidoyilik bilan halol mehnat qiladi, halol luqma topib, farzandlariga yediradi.
Korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat huquqiy vositalari bilan erishib bo‘lmasligi tarixdan ma‘lum. Bu borada barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish fuqarolarning huquqiy ongini va dunyoqarashini o‘zgartirish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin. Umuman olganda korrupsiya shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas balki ma‘naviy buzilish holati xamdir. Mazkur illatga qarshi kurashda davlat organlari jamoat tashkilotlari va fuqarolarning birgalikdagi sa‘iy-harakatlari bilangina kutilgan natijaga erishish mumkin.
N.Djurayev
Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi