Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi taʼminoti uzilishi natijasida tadbirkorlar tomonidan Jizzax shahar Eski shahar buyum bozori yaqinidagi yoʻlning toʻsilishi toʻgʻrisidagi tarqalgan xabar bo'yicha "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Jizzax hududiy filiali hamda shahar hokimligi axborot xizmatlari tezkor o‘rganish olib bordi.
2023-yil 26-iyulda eʼlon qilingan viloyat va tuman hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlangan, quvvat tanqisligi yuzaga kelgan hollarda elektr taʼminotida vaqtinchalik uzilishlar kiritish boʻyicha ishlab chiqilgan cheklov grafigi (http://t.me/HET_AJ_Jizzakh/4604)ga asosan 2023-yil 24-avgust kuni Eski shahar buyum bozori hududida ertalab soat 10:39 dan 11:18 ga qadar 39 daqiqa davomida elektr energiyasi taʼminotiga cheklov kiritilgan. Bu cheklov dispetcherlik jurnallarida qayd qilingan.
Shuningdek, shahar hokimligi hamda bozor ma’muriyati tomonidan elektroenergiya taqchilligini oldini olish hamda energotejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida, tadbirkorlarga quyosh panellarini o‘rnatish yuzasidan bir necha marta tavsiya va takliflar berilgan. Ammo, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yuqorida keltirilgan taklif va tavsiyalar e’tiborsiz qoldirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati