“Jizzax ovozi” gazetasining 2023-yil 17-iyundagi 24-sonida “Tartibsizlikning sababchisi o‘zimiz” sarlavhasi ostida bozorga tutash hududda joylashgan avtobus bekatining fuqarolar tomonidan savdo rastasiga aylantirib olinishi haqida chop etilgan maqolaga
RASMIY MUNOSABAT
Jizzax shahar hokimligi shuni ma’lum qiladi. Bu yil aholi xonadonlarida xo‘l mevalar hosildorligi kutilganidan ko‘ra ko‘proq bo‘ldi. Jizzax shahri va tumanlardagi bozorga yaqin hududda joylashgan fuqarolar o‘z xonadonlarida yetishtirilgan olma, gilos, o‘rik, shaftoli kabi mahsulotlarini olib kelib, bozor atrofidagi yo‘laklarga, avtobus bekatlariga va boshqa joylarga qo‘yib sotish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Vaholanki, bozor hududida shu bugungi kunda 500 ga yaqin savdo joylari bo‘sh turibdi. Ushbu fuqarolarga yo‘laklarda tartibsiz ravishda savdo qilgandan ko‘ra bozor hududidagi bo‘sh turgan rastalarga kirib, salqinda savdo qilishlari bo‘yicha, xattoki o‘z xonadonlarida yetishtirilgan 2-4 chelakdagi mahsulotlari uchun kunlik bir martalik patta cheki undirilmasligi bo‘yicha imtiyoz ham qilib berilishi haqida bozor ma’muriyati, bozorga biriktirilgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda fuqarolarga ko‘plab tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Gazeta sahifalarida chop etilgan avtobus bekati aslida bozor hududiga emas, balki “O‘zavtodaryotrans” jamiyatiga qarashli bekat hisoblanadi. Lekin, bozorga tutash hudud bo‘lganligi, fuqarolar bu yerda mahsulotlar sotish bilan shug‘ullanayotganligi uchun ham bozor ma’muriyati va biriktirilgan nazorat qiluvchi idoralar vakillari bilan birgalikda ularni tartibda olish choralarini ko‘rishmoqda.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati.