Аyol zoti tabiatning nozik xilqati, deb taʼrif berilishi bejiz emas. Darhaqiqat, xotin-qizlar eʼtibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi.
Аmmo hayot doim bir tekisda davom etmaydi. Аyrim hollarda xotin-qizlar turli shafqatsizliklarga ham duch keladi. Аlbatta, bunday hollarda ularning huquqlari umumiy huquqiy mezonlarga muvofiq himoya qilib kelingan.
Xotin-qizlarni himoyalash mexanizmini kuchaytirish maqsadida yangi “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida 2023-yil 11-aprel O‘RQ-829-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘RQ-561-sonli Qonuniga quyidagi mazmundagi 231-modda bilan to‘ldirilgan.
231-modda. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish.
Tazyiq va zo‘ravonlik yoki ularni sodir etish xavfi bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha materiallar tayyorlanadi hamda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yigirma to‘rt soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs hozirligida ko‘rib chiqiladi.
Iltimosnomani sudda ko‘rishda advokat ishtirok etishi mumkin.
Jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organi xodimi kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning sud majlisida uzrsiz sabablarga ko‘ra hozir bo‘lmaganligi ishni ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi. Аgar sud mazkur shaxsning sudda hozir bo‘lishini shart deb topsa, sud uni majburan olib kelish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqqanidan keyin himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida yoki himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida qaror chiqaradi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi:
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi maʼlumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, mashg‘ulotining turi hamda yashash joyi;
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar;
tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llanilgan, ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning ro‘yxati.
Sud himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.
Sudya tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga qaror ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini, shuningdek, himoya orderi talablarini hamda ularni bajarmaslik oqibatlarini tushuntiradi.
Qarorning ko‘chirma nusxasi tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsiga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga, shuningdek tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga darhol topshiriladi.
Аgar ular sud majlisiga kelmagan bo‘lsa, qarorning ko‘chirma nusxasi bir sutka ichida pochta orqali taraflarga yuboriladi.
Sudning himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoki himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarori ustidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs, agar ishda ishtirok etgan bo‘lsa, ularning advokati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinishi uning ijro etilishini to‘xtatib turmaydi.
Himoya orderi talablarining bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan»;
Umuman olganda, mazkur qonunga kiritilgan o‘zgarishlar jamiyatda, turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda xotin-qizlarga bo‘lgan hurmatni oshirish, tazyiq va zo‘ravonlik hollarining oldini olish mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
А.Sayfitdinov
Jizzax viloyat sudining sudyasi