“Referendum” – so‘zining maʼnosi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladiganva baʼzan qonunlar qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq so‘rovi, ovoz berish yo‘li bilan xalq fikrini aniqlashdir.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonuni dastlab 1991 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu qonun yillar davomida xalqaro va O‘zbekiston Respublikasida orttirilgan amaliy tajribalarni inobatga olgan holda 2001 yil 30 avgust kuni yangi tahrirda qabul qilingan. Mazkur Qonunning
3-moddasida referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida joriy etilgan harbiy vaqt yoki favqulodda holat sharoitlarida, shuningdek harbiy vaqt tugagan yoki favqulodda holat bekor qilingandan keyin uch oy davomida referendum o‘tkazilmaydi. Shuningdek, referendum natijalari rasman eʼlon qilingandan keyin bir yil davomida mazmun yoki maʼnosiga ko‘ra xuddi shunday savol qo‘yilgan referendum o‘tkazilmaydi.
Referendum - fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir ko‘rsatishga hech kim haqli emas. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda teng asoslarda ishtirok etadilar. Har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirishi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda bevosita ishtirok etadilar.
Referendumda kimlar ishtirok etadi? Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar. Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
Referendumni o‘tkazish tashabbusi - Referendumni o‘tkazish tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti chiqishi mumkin.
Fuqarolarning referendumda ishtirok etish, referendum masalalari yuzasidan tashviqot yuritish huquqlarini amalga oshirishlariga zo‘ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatayotgan shaxslar, shuningdek soxta hujjatlar tuzgan, ovozlarni atayin noto‘g‘ri sanab chiqqan, yashirin ovoz berishni buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning aʼzolari, fuqarolar tashabbuskor guruhlarining aʼzolari belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Jizzax viloyat maʼmuriy sudining
sudyasi Turabek Qodirqulov
Jizzax viloyat maʼmuriy sudining sudya
katta yordamchisi Diyor Xolmirzaev